“O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyati hamda IT sohasi delegatsiyasi Berlin va Myunxen shaharlarida bo‘ldi
28.04.2025
Joriy yilning 25–30 aprel kunlari “O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyati tashabbusi bilan axborot-texnologiyalari sohasi vakillaridan iborat mamlakatimiz delegatsiyasi Berlin va Myunxen shaharlarida bo‘ldilar.
Tashrifdan maqsad madaniy aloqalarni mustahkamlash, ta’lim va yoshlar almashinuvini rivojlantirish, "xalq diplomatiyasi" ni rivojlantirish va xorijda yashayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda raqamli savodxonlik, raqamli ko‘nikmalar va tadqiqotlar sohasidagi bilim va ilg‘or tajribalarini oshirishdir.
Amaliy safar O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Milllatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va “O‘zbekiston–Germaniya” do‘stlik jamiyati ko‘magida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, «O‘zbektelekom» va «O‘zbekkosmos» kompaniyalari hamda O‘zbekiston–Germaniya do‘stlik jamiyati vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Myunxen shahriga tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlariga bag‘ishlangan bir qator muhim tadbirlar o‘tkazildi. Xususan, Myunxen shahridagi safar doirasida delegatsiya “Apple” kompaniyasining ishlab chiqarish, Lyudvig-Maksimilian universitetida sun’iy intellekt sohasida olib borilayotgan ta’lim jarayonlari bilan tanishdilar. Shuningdek, delegatsiya dunyoga mashhur BMW korxonasida tashkil etilgan zamonaviy avtomashinalar ko‘rgazmasiga tashrif buyurib sohaga tadbiq etilayotgan yangiliklar va ilg‘or tajribalar bilan tanishdilar. Tashrif chog‘ida IT tarmog‘ida innovativ va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashdilar.

Myunxen tashrifi doirasida o‘zbek xalqinining madaniy xilma-xilligini, xalqimiz qadriyatlarini ko‘rsatish maqsadida “Navruz” umumxalq bayrami “70 Olmon-O‘zbek” hamjamiyati faollari, Germaniyaning turli shaharlarida aynan IT tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan vatandoshlar hamda nemis xalqi vakillari doirasida nishonlandi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilarga “Yangi O‘zbekiston – yangi nigohlarda” nomli fotoko‘rgazma hamda milliy hunarmandchilik namoyishi havola etildi. Do‘stona muhitda tashkil etilgan tadbirda katta qozonda osh tayyorlanib, bahoriy taom sumalaklar bilan mehmon qilindi.

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi qo‘llab quvvatlashi natijasida Bayroyet shahrida nemis xalqining O‘zbekistonga muxlis faollari tomonidan tashkil etilgan “Bavariya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati va “O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyati o‘zaro madaniy-ma’rifiy aloqalarini rivojlantirish, ilmiy munosabatlarda ishonchli xamkor sifatida koordinator bo‘lish, O‘zbekiston –Germaniya xalqlari o‘rtasidagi xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishga keshib oldilar. Ikki mamlakat do‘stlik jamiyatlari o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi va istiqboldagi rejalar tasdiqlandi.


Dastur doirasida “O‘zbekiston-Germaniya” do‘stlik jamiyati yetakchi mutaxassisi M.Abdullayeva “O‘zbekiston – millatlararo va bag‘rikeng diyor” mavzuida ma’ruza qilib, so‘ngi yillarda yurtimizda xalq diplomatiyasi, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari hamda bag‘rikenglik yo‘nalishlarida olib borilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyatlar bilan hamkor jamiyatga ma’lumotlar taqdim etdi. Shuningdek, raqamli texnologiyalar sohasi vakillari tomonidan axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyot sohasidagi yutuqlar hamda elektron hukumat tizimi bilan bog‘liq yangi loyihalar to‘g‘risida suhbat o‘tkazildi.

Navbatdagi uchrashuv mamlakatimiz elchixonasida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda elchi Dilshod Axatov mehmonlarga uchrashuv va muzokaralar ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari uchun muhimligini ta’kidlar ekan, raqamli texnologiyalar sohasidagi va akademik aloqalar hamda investision loyihalarni kengaytirishga qaratilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarda samara keltirishini ta’kidladi. Ushbu safar doirasida o‘tkazilgan barcha uchrashuv va tadbirlar O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga xizmat qilishi aytildi. Elchi Dilshod Axatov tomonidan Berlin-Toshkent birodarlashgan shaharlar ishini yanada yangi bosiqichga olib chiqish bo‘yicha qator takliflar va yo‘nalishlar delegatsiya a’zolariga taklif sifatida yetkazildi.

Axborot texnologiyalari, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohalarida bo‘lib o‘tgan muzokaralar ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay zamin yaratdi. Safar chog‘ida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda lapar-qo‘shiqlar milliy musiqa, raqs va boshqa an’anaviy san’at namunalari jamoatchilikka namoyish etildi. Madaniy tadbirlar xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv va do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.


.jpg)


.jpg)



.jpg)



.jpg)


.jpg)



.jpg)



.jpg)





UZINFOCOM